O‘zbekiston global raqamli texnologiyalar olamining markaziga aylanmoqda. Joriy yilning 9–16 avgust kunlari mamlakatimiz o‘z tarixida ilk bor maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi eng nufuzli va dunyo miqyosidagi eng yirik dasturlash musobaqasi — 38-Xalqaro informatika olimpiadasiga (IOI 2026) mezbonlik qiladi.
Bu nafaqat sport dasturlashidagi bellashuv, balki Google, Microsoft, OpenAI kabi jaxonning texnologik gigantlari va yetakchi global ilmiy-tadqiqot muassasalari e’tiboridagi iqtidorlar maydonidir.
O‘zbekiston mezbonlik qiladigan mazkur nufuzli anjuman o‘zining keng ko‘lami bilan ajralib turadi. 97 dan ortiq davlatdan keladigan 386 nafar eng iqtidorli yosh dasturchilar bosh sovrin uchun bahs olib boradi. Olimpiada doirasida yurtimizga tashrif buyuradigan xalqaro delegatlar, hakamlar, kuzatuvchilar va soha ekspertlarining umumiy soni 900 nafardan ziyod.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Boliviyada bo‘lib o‘tgan IOI 2025 olimpiadasida hamyurtlarimiz kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritib, mamlakat intellektual salohiyatini namoyish etgan edilar.
Endilikda yosh dasturchilarimiz o‘z maydonlarida, yurtdoshlarimizning qo‘llab-quvvatlashi ostida yangi tarixiy rekordlarni yangilashga va oltin medallarni yurtimizda qoldirishga shaylanmoqda.
Xalqaro informatika olimpiadasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi yurtimizda olib borilayotgan raqamli transformasiya va IT ta’limga bo‘lgan yuqori e’tiborning xalqaro miqyosdagi e’tirofidir. Avgust oyida Toshkent jahonning eng aqlli yosh virtuozlarini birlashtiradigan intellektual xabga aylanadi.