Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi, “Zamin” Xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva O‘zbekiston milliy pavilyoniga tashrif buyurdi.
Pavilyon me’moriy konsepsiyasiga “Uzumzor – o‘tmish merosi, bugungi yechim, kelajak uchun ilhom” g‘oyasi asos qilib olingan.
Tashrif davomida Ziroat Mirziyoyeva bu yerda namoyish etilgan milliy ekologik loyihalar va tashabbuslar bilan tanishdi.
“Zamin” fondi tomonidan amalga oshirilayotgan “Eco-Schools Uzbekistan” loyihasi ishtirokchilari Birinchi xonimga ta’limning barcha bosqichlarini qamrab olgan uzluksiz ekologik ta’lim tizimining taqdimotini o‘tkazdilar. Mazkur tizim maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim uchun LEAF, umumta’lim maktablariga Eco-Schools, oliy va o‘rta kasbiy ta’lim muassasalari uchun Eco-Campus dasturlarini o‘z ichiga oladi.
COP31 doirasidagi O‘zbekiston milliy pavilyoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarni namoyish etish, tajriba almashish hamda barqaror kelajak yo‘lida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun maydon vazifasini o‘tamoqda.