Vladimir Zelenskiy AQSh Kongressining demokrat a’zolari Richard Blumental va Jim Xeyms bilan uchrashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar "Ukrainani bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlash, xususan, havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish" masalasini muhokama qilishgan.
"Rossiyaning tinimsiz o‘qqa tutishlari sababli bizda raketaga qarshi raketalarga juda katta ehtiyoj mavjud. Men Oq uy va AQSh Kongressiga Ukrainaning bunday raketalarga bo‘lgan ehtiyojlari to‘g‘risida maktub yo‘llagan edim. Bugun ushbu xatni kongressmenlarga shaxsan o‘zim ham topshirdim. Biz ko‘mak o‘z vaqtida berilishiga umid qilamiz", — deydi Zelenskiy.
Shuningdek, u kongressmenlarga frontdagi vaziyat haqida gapirib berdi va Rossiyaga qarshi sanksiyalar zaiflashishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Richard Blumental Rossiyaga qarshi 500 foizlik bojxona to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risidagi (ammo Kongress tomonidan qabul qilinmay qolgan) qonun loyihasi hammuallifi hisoblanadi.
Jim Xeyms esa Ukrainadagi urushni "hayotimizning bosh jangi" deb atagan va Tramp ma’muriyatini Kiyevni hududiy yon berishlarga majburlayotgani uchun tanqid qilgan edi.