AQSh prezidenti Donald Tramp agar O‘mon Eron bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatish uchun hamkorlik qilsa, unga qarshi harbiy kuch ishlatish bilan tahdid qildi.
27 may kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida jurnalist Trampdan O‘mon va Eronning strategik suv yo‘lidagi savdoni nazorat qilishi g‘oyasiga munosabatini so‘radi. Prezident bunga kutilmagan tahdid bilan javob qaytardi va bu strategik suv yo‘lini hech kim o‘zboshimchalik bilan nazorat qila olmasligini ta’kidladi.
"Ho‘rmuzni hech kim nazorat qilolmaydi. Bu xalqaro suvlar hisoblanadi va O‘mon ham xuddi boshqalar kabi o‘zini munosib tutishi kerak, aks holda biz ularni portlatishimizga to‘g‘ri keladi", — dedi Tramp.
Dastlab Tramp shunchaki adashib, “Eron” o‘rniga “O‘mon” deb yuborgan bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi. Biroq keyinchalik AQSh Davlat departamenti ijtimoiy tarmoqlarda ushbu bayonotning aynan mazkur davlatga ishora qilingan matnini ulashdi.
Trampning ushbu tahdidi Eron davlat televideniyesi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasi haqida xabar tarqatganidan keyin berildi. Mazkur kelishuv loyihasida Eron va O‘monga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini birgalikda boshqarish huquqini ta’minlashi ko‘zda tutilgan. AQSh ma’muriyati esa ushbu xabarni “mutlaqo uydirma” deb atadi.