Ukraina Korrupsiyaga qarshi milliy byurosi (KQMB) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (KQIP) 4 sentyabr kuni «firibgarlik koll-markazlari tarmog‘iga homiylik qilish va mol-mulkni legallashtirishga aloqador jinoiy tashkilotni fosh etish» bo‘yicha operasiya o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Korrupsiyaga qarshi organlar tergov versiyasiga ko‘ra, mazkur jinoiy tashkilotga Ukraina bosh prokurori ofisi xodimi rahbarlik qilganini bildirdi.
Operasiyaning batafsil tafsilotlari keyinroq e’lon qilinishi aytilgan. Shu kuni KQMB va KQIP xodimlari Bosh prokuror ofisida tintuv o‘tkazgan.
Bosh prokuror ofisi tergov harakatlari o‘tkazilganini tasdiqladi. Shu bilan birga, KQMB va KQIPning gumonlari bevosita Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenkoga taalluqli emasligi ta’kidlandi.
Bosh prokuror ofisi korrupsiyaga qarshi organlarga qonun doirasida to‘liq ko‘mak va zarur ma’lumotlarni taqdim etishini bildirdi.
Shuningdek, noqonuniy faoliyatga ehtimoliy aloqadorligi tekshirilayotgan prokuratura xodimi sudgacha tergov davomida xizmat vazifalarini bajarishdan chetlashtirilishi ma’lum qilindi.