Rossiya, AQSh va Ukraina vakillari noyabr oyi o‘rtalarida yana muzokara stoliga o‘tirishi kutilmoqda. Bu haqda Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuvdan keyin ma’lum qildi.
NRK xabariga ko‘ra, tomonlar urushni yakunlash yo‘llari va mojarodan keyingi xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilish uchun yuqori darajadagi uch tomonlama uchrashuvni tashkil etishga kelishgan.
Styore va Uitkoff o‘rtasidagi muloqot 21 oktyabr kuni Oslo aeroportida bo‘lib o‘tdi va bir soatdan ko‘proq davom etdi. AQSh vakili bunga qadar Sankt-Peterburgda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan qariyb uch soat muzokara olib borgan edi.
Uitkoff X ijtimoiy tarmog‘ida Oslo va Sankt-Peterburgdagi uchrashuvlarni samarali deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, diplomatik jarayon AQSH, Rossiya va Ukraina ishtirokida texnik darajada davom ettiriladi.
Norvegiya hukumati rahbari yangi uchrashuv noyabr o‘rtalarida, AQShdagi oraliq saylovlardan keyin o‘tkazilishi mumkinligini bildirdi. Biroq muzokaralarning aniq sanasi hozircha belgilanmagan.