Evropa komissiyasi Litva, Latviya va Estoniyaning dronlarga qarshi yagona mintaqaviy mudofaa tizimini yaratish uchun qo‘shimcha 500 million yevro ajratish haqidagi murojaatini qondirmadi.
Bu haqda Litvaning LRT teleradiokompaniyasi Yevropa Ittifoqining mudofaa va kosmos masalalari bo‘yicha komissari Andryus Kubilyusga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uch mamlakat mudofaa vazirlari sentyabr oyida Yevrokomissiyaga maxfiy maktub yo‘llab, havo hududini uchuvchisiz uchish apparatlaridan himoya qilish uchun qo‘shimcha moliyaviy yordam so‘ragan.
Loyiha doirasida dronlarni aniqlash texnologiyalari, sun’iy intellekt va ularni zararsizlantirish vositalarini yagona havo mudofaasi tizimiga birlashtirish rejalashtirilgan edi.
Biroq Bryussel qo‘shimcha mablag‘ ajratish o‘rniga, mamlakatlarga SAFE dasturi orqali imtiyozli kreditlardan foydalanishni tavsiya qildi.
Andryus Kubilyusning bildirishicha, ushbu dasturning birinchi bosqichidan keyin 21 milliard yevro mablag‘ qolgan va yaqin orada yangi arizalar qabul qilinishi e’lon qilinadi.
Litva, Latviya va Estoniya hukumatlari dastlab mazkur tashabbusni moliyalashtirish bo‘yicha ijobiy qaror yil oxirigacha qabul qilinishini kutgan edi.