Turkiyaning Van viloyatida yuk mashinasi va yo‘lovchi mikroavtobusi to‘qnashishi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi, yana 5 kishi jarohatlandi.
Hodisa 7 noyabr kuni O‘zalp — Saroy avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Voqea joyiga polisiya, jandarmeriya, qutqaruvchilar va tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgan. Jarohatlanganlar shifoxonaga yotqizilgan.
Van viloyati gubernatori Ozan Baljining ma’lum qilishicha, yomg‘ir tufayli yo‘l sirpanchiq bo‘lib qolgan. Halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash ishlari davom etmoqda.
Avtohalokatdan so‘ng yo‘lda transport harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Keyinchalik xavfsizlik choralari ko‘rilib, avtomobillarning nazorat ostida harakatlanishiga ruxsat berilgan.