Respublika ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayaning ma’lum qilishicha, besh kundan buyon davom etayotgan norozilik namoyishlari davomida mamlakat bo‘ylab jami 1 133 nafar kishi qo‘lga olingan. Dushanba kuni tongda o‘tkazilgan reydlar chog‘ida Istanbul va Izmirda kamida 10 nafar jurnalist ham hibsga olingan.
Namoyishlar chorshanba kuni, Istanbul shahri meri Ekrem Imamo‘g‘lu qo‘lga olinganidan so‘ng boshlangan. U 2028 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida hozirgi davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning eng asosiy raqibi sifatida ko‘rilayotgan edi. Imamo‘g‘luga korrupsiya ayblovi qo‘yilgan, shuningdek, tergov doirasida yana 100 dan ortiq kishi ham qo‘lga olingan.
Keyinchalik Imamo‘g‘lu rasman korrupsiyada ayblanib, hibsga olindi. U ayblovlarni siyosiy maqsadli deb baholadi, Erdo‘g‘on esa bu iddaolarni rad etdi.
Dushanba kuni Imamo‘g‘lu muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi tomonidan 2028 yilgi prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida rasman tasdiqlandi. Ayni paytda u hibsda qolmoqda va sud oldida javob berishi kutilmoqda.
Imamo‘g‘luning qo‘lga olinishi ortidan butun Turkiya bo‘ylab yuz minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, namoyishlarda qatnashdi. Bu mamlakatda so‘nggi o‘n yil ichida kuzatilgan eng yirik norozilik harakatiga aylandi. Namoyishlar ayni kunlarda ham davom etmoqda.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi esa namoyishchilarni "namoyish o‘tkazish huquqidan suiiste’mol qilish"da ayblab, ko‘chalardagi "terror"ga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi.