Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, agar u Yevropa integrasiyasiga tahdid soladigan bo‘lsa, uning mamlakati o‘z tabiiy resurslari bo‘yicha hech qanday kelishuv imzolamasligini aytdi. Biroq, u Amerikaning yangi, sezilarli darajada kengaytirilgan taklifini darhol baholashdan bosh tortdi.
Kiyevdagi matbuot anjumanida Zelenskiy ukrainalik huquqshunoslar hujjatni sinchiklab o‘rganishi kerakligini aytdi. Loyihaning qisqacha variantini ko‘rib chiqqan Reuters agentligiga ko‘ra, AQSh mohiyatan uzoq yillar davomida Ukraina tabiiy resurslaridan keladigan barcha daromadlar ustidan nazoratni qo‘lga kiritmoqchi.
"Sxema o‘zgartirildi. Keling, bu sxemani o‘rganamiz, keyin gaplashamiz", - dedi Zelenskiy.
Amerika taklifiga ko‘ra, Ukraina olgan barcha harbiy yordamlarini foizlari bilan qaytarmaguncha, tabiiy resurslaridan keladigan barcha daromadlarni Vashingtonga yuborishi kerak bo‘ladi. Zelenskiy allaqachon o‘z pozisiyasini aniq aytib, Kiyev Amerikaning avvalgi yordamini qaytarilishi kerak bo‘lgan kreditlar sifatida ko‘rmasligini aytdi.
Bu muzokaralar Ukraina-Amerika munosabatlari uchun muhim pallada kechmoqda. Zelenskiyning Tramp bilan fevraldagi uchrashuvi ommaviy mojaro bilan yakunlanganidan so‘ng Vashington Ukraina bilan harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini almashishni bir necha kunga to‘xtatdi.
Endi Tramp ma’muriyati Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi jangovar harakatlarni to‘xtatishni faol ravishda targ‘ib qilmoqda, shu bilan birga uch yillik urush voqealarining ruscha versiyasini qabul qilishga tobora ko‘proq moyil bo‘lmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari Yuliya Svyridenko ukrainalik deputatlarni Amerikaning yangi loyihasining ommaviy muhokamasi mamlakatga faqat zarar etkazishi, Kiyev esa ichki konsensusga erishilgandan keyingina o‘z pozisiyasini bildirishi haqida ogohlantirdi.
So‘nggi haftalarda Ukraina Amerika tashabbuslarini qondirish uchun choralar ko‘rdi: u 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘ldi (garchi Rossiya buni rad etgan bo‘lsa ham) va energiya infratuzilmasi va dengiz ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatdi.
Moliya vaziri Skott Bessent foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv bo‘yicha muzokaralarga boshchilik qilmoqda. Uning Fox News telekanaliga aytishicha, Vashington allaqachon Kiyevga “iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha tugallangan hujjat”ni topshirgan va “kelasi hafta hatto imzolar ham olishi mumkin” deb umid qilmoqda.
Yana bir ukrainalik manba amerikaliklar taqdim etgan to‘liq hujjatni “ta’sirli” deb ta’rifladi.
Kiyevning ta’kidlashicha, avvalgi versiya faqat asosli kelishuv bo‘lib, keyinchalik kelishib olinadigan batafsilroq kelishuvga zamin yaratadi.
Zelenskiyning 28-fevraldagi tashrifi Tramp uni Oval kabinetda qoralashi bilan yakunlandi, shundan so‘ng Vashington bir necha kunga Ukrainaga barcha razvedka yordami va harbiy yordamni to‘xtatdi.
O‘shandan beri Zelenskiy ehtiyotkorlik bilan harakat qilib, AQShga ko‘rsatgan yordami uchun qayta-qayta minnatdorchilik bildirdi.
Shu oy boshida Ukraina AQShning 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifiga rozi bo‘lgan, garchi Rossiya buni rad etgan.
O‘tgan hafta Ukraina va Rossiya energiya infratuzilmasi va dengizdagi hujumlarni to‘xtatishga kelishib oldi, biroq Moskva dengiz sulhini qabul qilishdan oldin xalqaro sanksiyalarni yumshatishni talab qildi.
Aytish joizki, muzokaralarda Moskva ham ulushni oshirgan. Shunday qilib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada saylovlar o‘tkazish uchun BMT va bir qator davlatlar shafeligida “vaqtinchalik boshqaruv”ni joriy etishni muhokama qilishni taklif qildi.