Kelishuv Turkiya va Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirlari Kamol Memisho‘g‘lu hamda Akmaral Alnazarova tomonidan Antaliyada o‘tkazilayotgan COP31 doirasida imzolandi.
Hamkorlik doirasida tibbiyot muassasalarini qurish va modernizasiya qilish, farmasevtika sanoatini rivojlantirish, tibbiyot fanini qo‘llab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirish rejalashtirilgan.
Ayni paytda Turkiya kompaniyalari Qozog‘istonda tibbiy infratuzilmani rivojlantirish loyihalarida ishtirok etmoqda. Xususan, Rönesans Holding Ko‘kshetau shahrida ko‘p tarmoqli shifoxona qurmoqda, YDA Group esa Turkiston va Petropavlovsk shaharlarida tibbiyot muassasalarini barpo etmoqda.
Shuningdek, Qozog‘istonning Turkiyaning Abdi İbrahim va Nobel İlaç farmasevtika kompaniyalari bilan hamkorligi ham rivojlanmoqda.
Tomonlar tibbiyot sohasini raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Qozog‘iston Turkiyaning shifoxonalarni boshqarish tajribasini, jumladan, e-Nabız platformasi, tibbiy jarayonlarni avtomatlashtirish va bemorlar oqimini boshqarish tizimini o‘rganishdan manfaatdor.
Bundan tashqari, Turkiya sog‘liqni saqlash institutlari (TÜSEB) ishtirokida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, amaliyot dasturlari va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Tomonlar Qozog‘istonda turkiyalik yetakchi shifokorlar ishtirokida Turkiya tibbiyoti kunlarini tashkil etishni ham taklif qildi. Tadbir doirasida mutaxassislar mahorat darslari o‘tkazishi va kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, reabilitasiya hamda shoshilinch tibbiy yordam yo‘nalishlarida bemorlarga maslahat berishi rejalashtirilgan.