Turkiyaning "Istanbul Bashakshehir" jamoasiga ko‘chib o‘tgan Eldor Shomurodov ayni paytda klubning yetakchi futbolchisiga aylanib ulgurdi. Mashhur Fotomaç nashri o‘zbekistonlik hujumchining joriy mavsumdagi o‘yinlarini yuqori baholadi.
“Bashakshehir” safida 2025/26 yilgi mavsumning 16-turiga kelib Eldor Shomurodov o‘zining yorqin o‘yini bilan jamoaning eng muhim hujum quroliga aylandi. U joriy mavsum barcha musobaqalar doirasida 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, 11 ta gol urib, natijaga bevosita hissa qo‘shdi.
Shomurodov Turkiya Superligasi doirasida o‘tkazilgan 16 ta o‘yinda 11 ta gol kiritib, “Trabzonspor” futbolchisi Pol Onuachu bilan birga to‘purarlar poygasida yetakchilik qilmoqda. Tajribali hujumchining hisobida, shuningdek, chempionatda 2 ta assist, UYEFA Konferensiyalar ligasida esa yana 1 ta golli uzatma mavjud.
Ayni paytda chempionatda 20 ochko bilan 8-o‘rinda borayotgan “Bashakshehir” Eldor gol urgan uchrashuvlarda hujumda ancha samarali o‘yin namoyish etmoqda. Jarima maydonidagi yakunlovchi zarbalari, jismoniy kuchi hamda himoyaga qaytib harakat qilishi bilan u raqib himoyasi uchun jiddiy tahdidga aylanmoqda. O‘zbekistonlik charm to‘p ustasi jamoaning hujum rejalarida asosiy figura hisoblanadi.
Klubning to‘purarlar poygasida doimiy ravishda yetakchi hujumchilarni yetishtirib chiqara olishi ham e’tiborga loyiq. O‘tgan mavsumda polyak hujumchisi Kshishtof Pyontek uzoq vaqt to‘purarlar poygasida yetakchilar safida bo‘lib, jamoaning asosiy figuralaridan biriga aylangan edi. Joriy mavsumda esa bu estafetani Eldor Shomurodov davom ettirmoqda.
So‘nggi yillarda samarali markaziy hujumchilari bilan ajralib turgan “Bashakshehir” uchun Shomurodovning hozirgi formada o‘ynashi mavsumning qolgan qismida ham yuqori natijalar qayd etilishiga katta umid uyg‘otmoqda", — deyiladi xabarda.