Turkiya Superligasining 18-turidan o‘rin olgan “Bashakshehir” hamda “Karagyumruk” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 17 yanvar, shanba kuni bo‘lib o‘tdi. Istanbuldagi “Fotih Terim” stadionida kechgan bahsda maydon egalari 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvda hisobni o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov ochdi. Futbolchi 15-daqiqada bosh bilan aniq zarba yo‘llab, jamoasini oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limning 75-daqiqasida hisob tenglashdi. “Bashakshehir” himoyasidagi xatodan David Fofana unumli foydalanib, tablodagi natijani 1:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Bahs yakuniga yaqinlashib borayotgan pallada maydon egalari yana hisobda oldinga chiqib oldi. 87-daqiqada Umar Shahiner “Karagyumruk” darvozasini ishg‘ol etib, jamoasiga muhim g‘alaba keltirgan golga mualliflik qildi.
Shu tariqa, uchrashuv 2:1 hisobida “Bashakshehir” foydasiga yakunlandi. Ayni paytda Nuri Shahin boshqaruvidagi Istanbul klubi 26 ochko bilan Superliga turnir jadvalida 6-o‘rinni egallab turibdi. “Karagyumruk” esa 9 ochko bilan so‘nggi pog‘onada qolmoqda.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov asosiy tarkibda maydonga tushdi. Fayzullayev 57-daqiqada zaxiraga olingan bo‘lsa, Shomurodov 89-daqiqada Onur Ergyun bilan almashtirildi.
Turkiya Superligasi, 18-tur
“Bashakshehir” — “Karagyumruk” 2:1
Gollar: 1:0 — Eldor Shomurodov (15), 1:1 — Fofana (75), 2:1 — Shahiner (87)