2026 yil 9 aprel kuni Toshkent shahridagi Islom sivilizasiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar sivilizasiyasining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya o‘z ishini boshladi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimkulova mazkur nufuzli tadbir ilmiy muloqotni kengaytirish, madaniy almashinuvni rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Jamg‘arma prezidenti tashkilot turkiy dunyoning boy madaniy merosini saqlash, o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli faoliyat olib borayotganini ta’kidladi. O‘z nutqida professor A. Raimkulova O‘zbekistonning jamg‘armaga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilgani, shuningdek, Turkmanistonning kuzatuvchi maqomini olgani tashkilot imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirganini alohida qayd etdi.
Ushbu konferensiya Amir Temur merosini o‘rganish va asrab-avaylash borasida ilmiy hamkorlik uchun yangi istiqbollar ochishini ta’kidlab, O‘zbekiston rahbariyatiga turkiy dunyo umumiy merosini tadqiq etishdagi doimiy qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bildirdi.
Mazkur konferensiyada turli mamlakatlardan 300 ga yaqin olimlar, ekspertlar, diplomatlar va OAV vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Konferensiya yakunida temuriylar merosini chuqur o‘rganish va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan muhim ilmiy tavsiyalar hamda qo‘shma tashabbuslar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.