Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Turk dunyosining buyuk merosi xalqaro ilmiy muhokamalar markazida

Turk dunyosining buyuk merosi xalqaro ilmiy muhokamalar markazida

2026 yil 6 noyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Al-Farobiy va uning insoniyat tarixiga qo‘shgan hissasi” mavzusidagi “Falsafa, ezgulik, kelajak” shiori ostida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Anjuman Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari tashkiloti (ICESCO), Qozog‘iston Respublikasi Fan va oliy ta’lim vazirligi hamda Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti hamkorligida tashkil etilgan.

Konferensiyaning ochilish marosimida Qozog‘iston Respublikasi vise-prezidenti Yerlan Karin mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zlarini o‘qib eshittirdi. Rasmiy sessiyaga Qozog‘iston Respublikasi Fan va oliy ta’lim vaziri Sayasat Nurbek moderatorlik qildi.

Anjumanda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Rossiya, Marokash, Malayziya, Xitoy va boshqa mamlakatlardan davlat arboblari, nufuzli akademik doiralar vakillari, xalqaro tashkilotlar va universitetlar rahbarlari, taniqli olimlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.

Konferensiyaning faxriy mehmoni sifatida rasmiy ochilish marosimida nutq so‘zlagan Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti, professor Oqtoti Raimqulova Abu Nasr al-Farobiyning ilmiy-falsafiy merosi Sharq va G‘arb tafakkuri rivojidagi beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi. Shuningdek, buyuk mutafakkirning boy ilmiy merosi bugungi davrda ham, ayniqsa, zamonaviy intellektual va ma’naviy muammolar sharoitida, o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini qayd etdi.

Jamg‘arma prezidenti o‘z nutqida tashkilot tomonidan turkiy xalqlarning mushtarak tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylash, chuqur o‘rganish hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslarga ham to‘xtalib o‘tdi. Mazkur yo‘nalishda ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Konferensiyada, shuningdek, ICESCO bosh direktori doktor Salim M. AlMalik, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti boshqaruvi raisi va rektori Janseyt Tuymebayev, Malayziya Xalqaro islom universiteti rektori professor Usmon Bakar, Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) raisi o‘rinbosari, Turkiy davlatlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisi Kyurshad Zorlu, Moskva islom instituti rektori va Sankt-Peterburg davlat universiteti Islom tadqiqotlari markazi direktori Damir V. Muxetdinov hamda Chjenchjou universiteti professori Vey Chusyung ham ma’ruza bilan ishtirok etdilar.

Mazkur konferensiya Al-Farobiyning boy ilmiy-falsafiy merosini zamonaviy intellektual va ma’naviy muammolar nuqtai nazaridan qayta o‘rganish, shuningdek, fan va madaniyat sohalarida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim xalqaro ilmiy maydon vazifasini o‘tamoqda.

Kiritildi: 10:33 09.11.2026. O'qildi: 414 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik