Rossiya oktyabr oyida 300 ming tonna, noyabr oyida 500 ming tonna dizel yoqilg‘isi yetkazib berishni, keyinchalik esa qo‘shimcha ravishda 1 million tonna mahsulotni jahon bozoriga chiqarishni va’da qilgan. Biroq tahlilchilar Rossiya ushbu hajmlarni amalda yetkazib bera olishiga ham shubha bildirmoqda.
Kpler tahliliy kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, birinchi partiya kuniga taxminan 73 ming barrel dizel yoqilg‘isiga teng. Narxlarni pasaytirish uchun esa bozorga har kuni kamida qo‘shimcha 400 ming barrel yetkazib berish zarur. Baringa tahlilchilari esa bu ko‘rsatkich 850 ming barrel bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Hozirda Rossiya kuniga taxminan 1,4 million barrel dizel yoqilg‘isi ishlab chiqaradi. Shundan 1,2 million barreli ichki bozor ehtiyojlarini qondirish uchun zarur.
Ishlab chiqarish hajmini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri — Ukraina tomonidan Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga berilayotgan zarbalardir. Ayrim baholarga ko‘ra, mamlakatdagi neftni qayta ishlash quvvatlarining 45 foizigacha qismi zararlangan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelishuv e’lon qilinganidan keyin dizel yoqilg‘isi narxi 5–6 foizga arzonlashganini bildirgan. Biroq ICE birjasi ma’lumotlari buni tasdiqlamaydi.
Jumladan, 12 oktyabr kuni bir tonna dizel yoqilg‘isi taxminan 1 408 dollar turgan bo‘lsa, 20 oktyabrga kelib uning narxi 1 449,5 dollarga yetgan.
Bu ma’lumotlar Rossiyaning qo‘shimcha yetkazib berishlari hozircha jahon bozorida dizel yoqilg‘isi narxini pasaytirganini ko‘rsatmayapti.