AQSh Prezidenti Ukraina bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish imkoniyatini tan oldi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp agar Vashington va Moskva Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha kelishuvga erisha olmasa, istalgan vaqtda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Amerika yetakchisi bu haqda jurnalistlarning respublikachi senator Lindsi Grem tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun doirasida yangi cheklovlarni joriy etishdan bosh tortish sabablari haqidagi savoliga javob berayotib aytib o‘tgan.
"Menda buni istalgan vaqtda qilish huquqi bor. Zudlik bilan. Shuning uchun, agar bu ish bermasa, men doim buni amalga oshira olaman", — dedi Tramp.
AQSh Prezidenti hozircha qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish niyatida emasligini, chunki Vashington Moskva bilan muzokaralarni davom ettirayotganini tushuntirdi.
"Muzokaralar olib borayotganingizda, bunday yo‘l tutmaysiz", — deya ta’kidladi u.
Amerika yetakchisi, shuningdek, uning Demokratik va Respublikachi partiyadoshlarining ko‘pchiligi (xususan, respublikachilar) hozircha yangi sanksiya choralarini qo‘llamaslik qarorini tushunish bilan qabul qilayotganini qayd etdi.
"Men bunga qarshi chiqayotgan respublikachilarga o‘z pozisiyamni tushuntiryapman, lekin ular ko‘p emas, chunki ular menga ishonishadi", — deya qo‘shimcha qildi Tramp.