Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, bir soat davom etgan suhbat "konstruktiv va ochiq" ruhda o‘tgan.
"Putin va Tramp AQSh prezidenti vakillarining Moskva va Kiyevga tashrifi yuzasidan fikr almashdilar. Bundan tashqari, Putin Trampga Rossiyaning Yevropaga nisbatan hech qanday tajovuzkor rejalari yo‘qligini ta’kidladi", — dedi Putinning yordamchisi.
Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Tramp mojaroni imkon qadar tezroq yakunlash zarurati haqidagi "fikrni aniq tarzda ilgari surgan".
"Bu esa AQSh va Rossiya munosabatlarini to‘liq tiklash uchun ulkan istiqbollarni ochib bergan bo‘lardi. Tramp ushbu burilishga o‘z prezidentligi davrida erishishdan manfaatdor", — deya qo‘shimcha qildi rossiyalik rasmiy.
Ikki yetakchi, shuningdek, gumanitar masalalar, jumladan, mahbuslar almashinuvi bo‘yicha ishlarni davom ettirishga va doimo aloqada bo‘lib turishga kelishib oldilar.