Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Knessetga saylovlar oldidan Eronga qarshi yangi harbiy zarba berishni talab qilgan. Biroq AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh Kongressiga saylovlar oldidan tavakkal qilishni istamay, bu taklifga qarshi chiqdi. Bu haqda birinchi bo‘lib Wall Street Journal (WSJ) nashri xabar tarqatdi.
WSJ nashrining ma’lumotidan so‘ng, Isroil xavfsizlik xizmati vakili AQShning CNN telekanaliga quyidagicha bayonot berdi:
«Netanyaxu haqiqatan ham buni xohlagan va saylov oldidan Eronga birgalikda hujum qilish uchun Trampni ko‘ndirishga uringan, ammo Tramp bunga yashil chiroq yoqmadi».
Evaziga Vashington Isroilni kutishga chaqirgan: AQSh armiyasi Eronga qarshi harbiy harakatlar variantlarini tayyorlab qo‘ygan va Trampning buyrug‘i bilan bir necha kun ichida amaliyotni boshlashi mumkin.
Amerika OAVlarining, jumladan CNN telekanalining xabar berishicha, Netanyaxuning rejalari o‘z harbiy rahbariyati tomonidan ham qarshilikka uchragan: Bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir saylov oldidan harbiy harakatlar o‘tkazishdan ogohlantirgan. Channel 12 ma’lumotlariga ko‘ra, bu kelishmovchilik sababli Netanyaxu va uning bosh qo‘mondoni o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgan. Agar Netanyaxu saylovdan so‘ng qayta hukumat tuzsa, Zamir o‘z lavozimini yo‘qotishi yoki muddatidan avval iste’foga chiqishi mumkin.
Netanyaxu kanselariyasi ushbu xabarlarni qat’iyan rad etib, ularni «soxta» (feyk) deb atadi. Mudofaa vaziri Israel Kas ham bu xabarlarni inkor etib, Isroil saylov oldidan Eronga zarba berish niyatida bo‘lmaganini bildirdi.
Isroil armiyasi (IDF) esa Netanyaxu va Zamir o‘rtasidagi nizo haqidagi xabarlarga bevosita raddiya berishdan yoki boshqa izohlardan tiyildi.