Iroqning Sinjar hududida Kurdiston ishchilar partiyasining (RKK) bo‘linmasi deb hisoblanadigan YBŞ nazorati ostidagi pozisiyalarni Iroq xavfsizlik kuchlariga topshirish jarayoni boshlandi.
Turkiyaning Milliyet gazetasi xabar berishicha, ko‘p yillardan so‘ng ushbu hududda Iroq bayrog‘i yana ko‘tarildi. Bu tarixiy lahzalar allaqachon tasvirga muhrlangan.
RKK/YBŞ tarkibidagi minglab qurollangan shaxslarni rasmiy xavfsizlik tuzilmalariga integrasiya qilish doirasida Sinjar tog‘ining eng baland nuqtasi hisoblangan Chelmera cho‘qqisida maxsus marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Mosul gubernatori Abdulqodir Daxil, shuningdek, Iroq hukumati va YBŞ vakillari ishtirok etdi.
Iroq bosh vazirining harbiy masalalar bo‘yicha vakili Saboh an-Numanning ta’kidlashicha, ushbu qadam Sinjar hududida xavfsizlikni ta’minlashning yangi bosqichini boshlab beradi. U mamlakat Konstitusiyasi rasmiy qurolli kuchlardan tashqarida har qanday qurollangan tuzilmalarni tashkil etishni taqiqlashini ta’kidladi.
Iroq xavfsizlik masalalarini yoritish tarmog‘i rahbari, general Saad Maan YBŞ a’zolari qaysi xavfsizlik tuzilmalariga qo‘shilishi haqidagi savolga javob berar ekan, ular Ichki ishlar vazirligi hamda «Hashd ash-Sha’biy» kuchlari tarkibiga kiritilishini ma’lum qildi.
Maanning qo‘shimcha qilishicha, YBŞning 4 ming nafar jangarisini rasmiy kuch tuzilmalariga integrasiya qilish rejalashtirilgan. Ularning orasida ayollar ham bor.