Bloomberg agentligi manbalariga ko‘ra, Vashingtonda “urush xarajatlarini qanday qoplash” masalasi ko‘tarilgan. Chunki harbiy amaliyot uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish paketining Kongressda ma’qullanishi amalda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
Bloomberg suhbatdoshlari AQSh va Eron o‘rtasidagi mojaro Tramp kutganidan boshqacha rivojlanayotganini ham ta’kidlagan. Harbiy harakatlar cho‘zilib, xarajatlar ortib borayotgan bir paytda AQSh ma’muriyati urushni qanday davom ettirish va uning xarajatlarini qayerdan qoplash masalasiga duch kelgan.
AQSh urush vaziri Pit Hegset avvalroq Senatdagi eshituvda Eronga qarshi harbiy amaliyot xarajatlari qariyb 37,5 milliard dollarga yetganini ma’lum qilgan.
Pentagon hisob-kitobiga joriy xarajatlar bilan birga 30 sentyabrgacha kutilayotgan sarflar ham kiritilgan. Hegset qo‘shimcha mablag‘ ajratilmasa, harbiy tayyorgarlik, texnikaga xizmat ko‘rsatish va mudofaa qobiliyatini rivojlantirishga mo‘ljallangan boshqa dasturlar qisqartirilishi mumkinligini bildirgan.
Oq uy Kongressdan Erondagi urush bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun qariyb 90 milliard dollarlik qo‘shimcha mablag‘ so‘ragan. Biroq senatorlar orasida urushning maqsadi, davomiyligi, huquqiy asoslari va mablag‘larning qanday sarflanishi bo‘yicha savollarga javob izlamoqda.