Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Seulni o‘tgan yili erishilgan savdo kelishuvini bajarmayotganlikda ayblab, keng turdagi mahsulotlarga, jumladan avtomobillar, yog‘och materiallari va farmasevtika mahsulotlariga nisbatan amaldagi 15 foizlik bojlarni 25 foizga oshirishini ma’lum qildi.
Trampning ta’kidlashicha, Janubiy Koreya kelishuvni tasdiqlashda sustkashlik qilmoqda, holbuki AQSh kelishilgan bitim doirasida o‘z tariflarini qisqartirish bo‘yicha tezkor harakat qilgan.
Janubiy Koreya tomoni esa ushbu qaror haqida rasmiy bildirishnoma olmaganini va masala yuzasidan Vashington bilan darhol muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga o‘tgan yilning oktyabrida erishilgan bo‘lib, unda Janubiy Koreya AQSh iqtisodiyotiga 350 milliard dollar sarmoya kiritishi va mablag‘ning bir qismini kemasozlik sohasiga yo‘naltirishi belgilangan.
Hujjat hozir Janubiy Koreya Milliy assambleyasida (parlamenti) ko‘rib chiqilmoqda. Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, bitim fevral oyida tasdiqlanishi mumkin.