Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Tramp Eronga qarshi harakatlar bo‘yicha uchta ssenariyni ko‘rib chiqmoqda

Tramp Eronga qarshi harakatlar bo‘yicha uchta ssenariyni ko‘rib chiqmoqda

Yaqin ikki oy davomida nisbatan tinchlik hukm surgan Yaqin Sharqda vaziyat yana keskinlashdi. Eron yaqinda Bahrayndagi AQSh harbiy bazasiga dronlar bilan zarba berdi, Vashington esa mintaqadagi harbiy hozirligini kuchaytirib, uchinchi avianosesni ham yubordi. Tehron o‘z navbatida oldindan zarba berish bilan tahdid qilmoqda.

BILD nashri yozishicha, o‘tgan hafta urush «deyarli yakunlanganini» aytgan AQSh prezidenti Donald Trampning keyingi harakatlari bo‘yicha uchta asosiy ssenariy mavjud.

Birinchi ssenariy — Eronga qarshi harbiy zarbalarni qayta boshlash. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Isroil Eronning energetika infratuzilmasi hamda iqtisodiy ob’ektlariga yangi hujumlar uyushtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Axios nashri xabar berishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham zarbalarni qayta tiklashni talab qilmoqda.

Ikkinchi ssenariy — diplomatik bosimni kuchaytirish. Tramp 19 noyabr, payshanba kuni Xitoyning Shenchjen shahrida Si Szinpin va Vladimir Putin bilan uchrashishi kutilmoqda. Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, AQSh prezidenti ular bilan Eronga qarshi urush masalasini muhokama qilmoqchi. AQShning mintaqadagi harbiy hozirligi Xitoyga bosim o‘tkazish vositasiga aylanishi mumkin. Chunki Xitoy Eron neftining eng yirik xaridori hisoblanadi.

Uchinchi ssenariy — dengiz blokadasini davom ettirish. AQSh davlat kotibi Marko Rubio fikricha, Tehronga nisbatan iqtisodiy bosim shunchalik kuchayganki, yangi harbiy zarbalar berish shart emas. Shu bilan birga, diplomatik kelishuv imkoniyati ham saqlanib qolmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 17 noyabr kuni Eron tashqi ishlar vaziri Vashington va Tehron o‘rtasida vositachilik qilayotgan Ummonga tashrif buyuradi. Bu safar diplomatik muzokaralarni qayta jonlantirish imkoniyati sifatida baholanmoqda.

Kiritildi: 18:04 16.11.2026. O'qildi: 582 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik