Donald Tramp WSJ va uning bosh kompaniyasi "News Corp." ustidan tuhmat bo‘yicha 10 milliard dollarlik yangilangan da’vo arizasini topshirdi. Bundan biroz avval sud nashr tomonidan "g‘arazli niyat" bo‘lganligiga yetarli dalillar yo‘qligi sababli dastlabki da’voni rad etgan edi.
Mojaroga nashrning 2025 yil iyul oyida chop etilgan maqolasi sabab bo‘lgan. Unda Tramp 2003 yilda voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatasiya qilish va kontrabanda tarmog‘ini tashkil etgani uchun sudlangan moliyachi Jeffri Epshteynga tug‘ilgan kuni munosabati bilan "behayo" tabriknoma yuborgani da’vo qilingan.
Yangilangan da’vo arizasi jurnalistlar, WSJ, "Dow Jones" nashriyoti, shuningdek, "News Corp." direktorlar kengashining faxriy raisi Rupert Merdokkaga qarshi qaratilgan. Da’voda ta’kidlanishicha, javobgarlar ushbu materialni yo uning yolg‘on ekanligini bilgan holda, yoki faktlarga mos kelmasligi ehtimoliga umuman e’tibor bermasdan chop etishgan.
Xususan, da’vo arizasida "qo‘pol xatolik"ga ishora qilingan: nashr tabriknomaning nima uchun uchinchi shaxs nomidan yozilgani, uni kim chop etgani va tahririyat bu xatni qanday qo‘lga kiritganiga izoh bermagan.