AQSh prezidenti Donald Tramp oilasiga tegishli, Truth Social ijtimoiy tarmog‘i egasi bo‘lgan Trump Media & Technology Group kompaniyasi milliard dollarlik qarzini to‘lash uchun o‘z aktivlarini sotishga kirishishi mumkin. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
«Trampning mediakompaniyasi bitkoinga tikilgan stavkasi o‘z kuchini yo‘qotayotgani sababli 1 milliard dollarlik qarz inqirozi xavfiga duch kelmoqda», — deyiladi nashrda.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon kompaniya aksiyalari qiymati 60 foizga pasayib, 4,64 dollarga tushgan. Shu bilan birga, bitkoin so‘nggi bir yil ichida o‘z qiymatining qariyb uchdan bir qismini yo‘qotgan.
Buning oqibatida kompaniya obligasiyalarini 34,72 dollarlik narxda aksiyalarga almashtirishni rejalashtirgan investorlar bunday imkoniyatdan mahrum bo‘ldi. Endi ularda obligasiyalarni saqlab qolishdan ko‘ra, ularning nominal qiymatini qaytarishni talab qilish uchun ko‘proq asos bor.
Trump Media & Technology Group kompaniyasining kriptovalyutaga kiritgan mablag‘lari uning eng qimmatli aktivi hisoblanadi. Joriy yil sentyabr oyida ularning qiymati 1,36 milliard dollarni tashkil etgan. Biroq kompaniyaning erkin foydalanish mumkin bo‘lgan mablag‘lari 395 million dollarga baholangan, aktivlarining umumiy qiymati esa 2,5 milliard dollarni tashkil qilgan.
Kompaniya obligasiyalarni qayta moliyalashtirishni rejalashtirmoqda. Biroq taklif etiladigan shartlar obligasiya egalari uchun noqulay bo‘lishi, shuningdek, bitim amalga oshmay qolishi ham mumkin.