Angliyaning «Tottenhem» klubi nomi TV-translyasiyalarda turlicha talqin etilayotgani The Athletic nashrining e’tiborini tortdi.
«Manchester Yunayted»ga qarshi so‘nggi turda Postekoglu titrlarda «Tottenhem Hotspur» bosh murabbiysi deb ko‘rsatildi, barcha TV-grafiklarda jamoa tarkibi «Shporlar» (Spurs) nomi ostida tanishtirildi. Ungacha, 19 yanvarda «Everton»ga qarshi o‘yinda Postekoglu — «Tottenhem» bosh murabbiysi, barcha grafiklarda — tarkibdan tortib jadvalgacha — faqat «Tottenhem» yozuvi bor edi.
Ma’lum bo‘lishicha, 10 fevralda klub butun dunyodagi telekanallarga elektron xat yo‘llab, «Tottenhem Hotspur» nomi yangilangani»ni bildirgan.
Unda «shporlar» to‘g‘ri neyming qanday bo‘lishini ko‘rsatishgan va ularni «Tottenhem» deb aytmaslikni so‘rashgan. To‘g‘ri aytilishi — «Tottenhem Hotspur» yoki qisqartmasi «Shporlar» (Spurs). Izohi shuki, Tottenhem — jamoaning emas, balki (Londondagi) tumanning nomi. Klub 2011 yildan buyon shu pozisiyani tanlagan.
Noyabrda «shporlar» yangi brendbukni taqdim etishgandi. Uning bir bo‘limida shunday jumlalar bor:
«Yunayted», «Siti» va «Rovers»larga to‘la dunyoda, yagona «Hotspur» — «Tottenhem Hotspur» bor. Jamoa yoki brend nomini aytishda, iltimos, «Tottenhem Hotspur», «Tottenhem Xotspur» futbol klubi» yoki «THFC»ni ishlating. Jamoamizni hech qachon «Tottenhem», «Tottenhem Hotspur FK» yoki «TH» demang.
«Hech qachon jamoamizni «Tottenhem» deb aytmang» — bu iltimosni telekanallar va APL sayti yerda qoldirmadi. Ammo muxlislar ko‘narmikan?