Joriy yilning 27 aprel kuni soat 23:30 atrofida M.Z. va M.D. qasddan odam o‘ldirish va o‘zganing mulkini egallash maqsadida oshxona pichog‘i bilan qurollanib, Chilonzor tumanida joylashgan "Olmazor" metro bekati yoniga kelib, “Yandex Taxi” mobil ilovasi orqali taksi buyurtma berishgan. Bu haqda Uznews.uz nashri xabar berdi.
Ularning chaqiruviga asosan, Gentra avtotransporti haydovchisi A.CH. yetib kelgan.
Ular taksiga o‘tirib, oldindan tuzilgan rejaga muvofiq, «Toshkent-Termiz» avtomobil yo‘li orqali Yangiyo‘l tumani hududiga borishgan.
So‘ngra avtomashinani to‘xtatishib, atrofda hech kim yo‘qligidan foydalanib, oldindan tuzilgan rejani amalga oshirishni boshlashgan. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan M.D. yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan A.CH.ning bo‘yin o‘ng orqa sohasiga bir marotaba urib, bo‘ynini qo‘llari bilan bo‘g‘ayotganda haydovchi A.CH. qarshilik qila boshlagan. Old yon o‘rindiqda o‘tirgan M.Z. esa jabrlanuvchining qo‘llarini ushlab turgan vaqtida tuman IIBning tungi navbatchilik guruhi a’zolari yetib kelgan va 2 yigit qo‘lga olingan.
Tibbiy ma’lumotnomaga asosan, fuqaro A.CH.ning bo‘yin o‘ng tomon sohasida urib, sanchilgan jarohatlar aniqlanganligi ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, hodisa joyidan bir dona oshxona pichog‘i va qonga o‘xshash dog‘lar ashyoviy dalil sifatida prosessual tartibda hujjatlashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan JKning 25, 97-moddasi 2-qismi «i, p» bandlari va 164-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqarolar M.Z. va M.D.ga ayblov e’lon qilingan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.