Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainada Yevropa tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish masalasiga munosabat bildirdi.
U ABC News telekanaliga bergan intervyusida Moskva "bunday g‘oyani qabul qilmasligini" ma’lum qildi.
"Yo‘q, biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz", - dedi u.
Bundan oldin Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainada NATO davlatlari tinchlikparvar kuchlarining bo‘lishini mamlakat uchun "tahdid" deb atagan edi. U "Rossiya tomoni bunga hech qanday sharoitda rozi bo‘lmasligini" alohida ta’kidladi.
Buyuk Britaniya mudofaa shtabi boshlig‘i admiral Toni Radakin Ukrainaga yuborish uchun 64 ming kishilik kuchlarni shakllantirish taklifini berdi. Biroq Yevropa mudofaa vazirlari uchrashuvlarda bunday kontingentni yig‘ish imkonsiz ekanligini va hatto 25 ming askarni ham safarbar qilish sezilarli darajada umumiy sa’y-harakatlarni talab etishini aytishdi.