Toshkent shahrida soat 22:00 dan 06:00 gacha harakatlanadigan, qizil rangdagi avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Ular 15 ta yo‘nalishda aeroport, vokzal va turizm ko‘chalar bo‘ylab harakatlanadi. Bu uchun mahalliy byudjetdan 33 mlrd so‘m talab qilinadi.
Bu haqida 12 avgust kuni xalq deputatlari shahar kengashining yig‘ilishida Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Allayor Norbo‘tayev ma’lum qildi.
Taklifga ko‘ra, avtobuslar aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, tundagi turizm ko‘chalari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, yirik dehqon bozorlari, talabalar yotoqxonasi va shifoxonalar orqali harakatlanadi. Umumiy hisobda 15 ta yo‘nalish ikki bosqichda, oraliq intervali dastlab yarim soatni tashkil etgan holda tashkil etiladi.
Chipta narxi kunduzgi bilan bir xil bo‘lishi aytilyapti.