Bugun 12 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Toshkentda "İRS – MEROS" jurnalining o‘zbek tilidagi nashri taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda "İRS – MEROS" jurnalining o‘zbek tilidagi nashri taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida "İRS – MEROS" jurnalining o‘zbek tilidagi nashri taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, doktor Rashad Mammadov Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik munosabatlari haqida fikr yuritdi. Elchi mushtarak tarixiy ildizlar, boy madaniy meros va milliy-ma’naviy qadriyatlarga asoslangan Ozarbayjon–O‘zbekiston munosabatlari siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. U “İRS – MEROS” jurnalining o‘zbek tilida nashr etilishi Ozarbayjon xalqining boy tarixiy-madaniy merosini qardosh O‘zbekiston jamoatchiligiga yanada yaqindan tanishtirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Diplomat bunday nashrlar xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, abadiy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga munosib hissa qo‘shishini bildirdi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Akif Marifli “İRS – MEROS” jurnalining o‘zbek tilida nashr etilishi mushtarak madaniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, adabiy va ilmiy almashinuvni kengaytirish, shuningdek, xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbir davomida Toshkent shahar Kengashi deputati, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi boshqarma boshlig‘i, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos Shuhrat Hayitov, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Akilova hamda O‘zbekiston–Ozarbayjon Do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Erkin Nuriddinov “İRS – MEROS” jurnalining o‘zbek tilidagi nashri ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ma’ruzachilar mazkur nashr Ozarbayjon xalqining boy tarixi, madaniyati, san’ati va milliy-ma’naviy merosini o‘zbekistonlik talabalar hamda keng kitobxonlar ommasiga yanada yaqindan tanishtirish, shuningdek, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalar va do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladilar.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan jurnal muallifi Musa Marjanli “İRS” xalqaro jurnalining tashkil topish tarixi, rivojlanish bosqichlari va xalqaro miqyosdagi faoliyati haqida ma’lumot berdi. U jurnalning o‘zbek tilida nashr etilishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, nashrni tayyorlash va taqdimot marosimini tashkil etishda ko‘rsatilgan ko‘mak uchun Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasiga, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markaziga, shuningdek, loyihani amalga oshirishga hissa qo‘shgan barcha hamkorlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Kiritildi: 13:32 11.10.2026. O'qildi: 311 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!