Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
2026 yil 10 oktyabr kuni soat 09:40 larda Buloqboshi tumani «Neftchilar» MFY, Konchilar ko‘chasida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Neftchilar — Kulla» yo‘nalishida harakatlanayotgan, 1978 yilda tug‘ilgan O‘.A. boshqaruvidagi tuproq ortilgan «HOWO» rusumli yuk avtomashinasi tormoz tizimidagi nosozlik sababli boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda yuk avtomashinasi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan «Cobalt», «Nexia», «BYD Song Plus» va «Nexia-2» rusumli avtomashinalar, shuningdek, yo‘lning o‘ng tomonida to‘xtab turgan «Nexia-3», «Damas» va «Matiz» rusumli transport vositalari bilan to‘qnashgan. Hodisa oqibatida ko‘cha bo‘yida joylashgan do‘konlarga ham zarar yetgan.
Achinarlisi, ushbu YTH oqibatida 3 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan. «HOWO» rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi va yana 3 nafar fuqaro turli tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Buloqboshi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda hodisaning barcha holatlarini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Haydovchilardan transport vositalarining texnik sozligiga jiddiy e’tibor qaratish, ayniqsa, tormoz tizimida nosozlik mavjud bo‘lgan transport vositasini boshqarmaslik so‘raladi. Zero, yo‘ldagi birgina nosozlik va e’tiborsizlik inson hayotiga zomin bo‘lishi mumkin.