Bugun 10 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

UzAutoMotorsʼni sotib olishga uchta davlatdan xaridor chiqdi

UzAutoMotorsʼni sotib olishga uchta davlatdan xaridor chiqdi

Kompaniyani xarid qilish masalasida AQSH, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirgan.

Uchta xorijiy davlat investorlari UzAuto Motors kompaniyasini sotib olishga qiziqish bildirdi. Bu haqda 8-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida xalqaro konsultant Alvarez & Marsal tanlov asosida jalb qilingan. Buning sababini u kompaniyaning dunyo avtosanoatida yirik bitimlarni imzolashdagi ishtiroki hamda tajribali mutaxassislarga egaligi bilan izohladi.

Murodov hozirda agentlikka UzAuto Motors va UzAuto Powertrain kompaniyalarini sotib olish bo‘yicha takliflar kelib tushayotganini qayd etdi. Xususan, AQSH, Janubiy Koreya va Xitoydan investorlar qiziqish bildirgan.

Davaktiv rahbari bu qiziqishlar muayyan kompaniyaga aktiv sotilishi haqida qaror qabul qilinganini anglatmasligini ta’kidladi. UzAuto xalqaro ochiq savdo orqali xususiylashtiriladi.

«Bu haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Chunki bu bizning raqobat sharoitida xususiylashtirishni amalga oshirishimizga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bu orqali boshqa ishtirokchilarga noto‘g‘ri signal borishi mumkin. Xususiylashtirish bitta kompaniyaga qaratilmagan, bu ochiq, xalqaro savdo bo‘ladi», — dedi u.

Sohibjon Murodovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda xususiylashtirish strategiyasidan kelib chiqib, savdolarni tashkil etishga qaratilgan ssenariy ishlab chiqilmoqda.

Dastlabki bosqichda investorlarning qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalari (EoI) olinadi, undan keyin majburiyatga ega bo‘lmagan (NBO) va keyinchalik majburiy takliflar olinadi. Eng yaxshi taklif bergan investor bilan davlat tomonidan belgilangan shartlar asosida muzokaralar olib boriladi.

«Yaxshi ma’lumki, lisenziya shartlari va ular muddati bor, alyans shartnomasi va bir qator shartlar mavjud. Bularning barchasi e’lon qilinadigan shartlardir. Ular asosida muloqotga o‘tilib, sotuv jarayonlari e’lon qilinadi», — dedi Sohibjon Murodov.

Sentabr oyida DABA UzAuto Motors xususiylashtirilishi ochiq va raqobatbardosh asosda o‘tishini ma’lum qilgan edi.

Gap UzAuto Motors’ning 99,7% i va UzAuto Motors Powertrain’ning 100% ulushini sotish haqida bormoqda.

«Avtostrada» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, «O‘zavtosanoat» va General Motors o‘rtasidagi bitim 2017 yilning oktabr oyida 10 yil muddatga imzolangan. Kelishuv doirasida UzAuto Motors GM modellarini ishlab chiqarish lisenziyasi, Chevrolet brendidan foydalanish huquqi va kompaniya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Mazkur kelishuvning amal qilish muddati 2027 yilda tugaydi.

Kiritildi: 01:00 09.10.2026. O'qildi: 5337 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!