Bugun 11 may, 2025 yil, yakshanba

КИР

Toshkentda giyohvand va psixotrop moddalarini tarqatish bilan shug‘ullangan 20 yoshli shaxs qo‘lga olindi

Toshkentda giyohvand va psixotrop moddalarini tarqatish bilan shug‘ullangan 20 yoshli shaxs qo‘lga olindi

Toshkent shahrida giyohvand va psixotrop moddalarini tarqatish bilan shug‘ullangan 2005 yilda tug‘ilgan A.N. qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilning 30 sentyabrida Telegram’da katta maosh taklif qilinayotgan ishni ko‘rib, admin bilan bog‘lanadi va u tomonidan yuborilgan geolokasiya orqali Yuqori Chirchiq tumaniga boradi. Ko‘rsatilgan joydan giyohvand moddani olib, bo‘laklarga bo‘lib, mijozlarga admin yuborgan xabarlar asosida tegishli joylarga yetkazib bergan.

A.N.ning tergov jarayonida bergan ko‘rsatmasida aytilishicha, qilayotgan ishi jinoyat ekanligini anglagach, u bu ishdan bosh tortadi. Ammo admin u haqdagi barcha ma’lumotlar – qayerda yashashi, oilasi haqida aytadi. Agar bosh torsa, “sportik”larini (jazolovchi shaxslar) jo‘natishini aytib, ishdan bosh tortgani uchun shafqatsiz, vahshiyona jazolangan shaxslar haqidagi videotasvirni jo‘natadi. Bundan qo‘rqqan A.N. yana giyohvand va psixotrop moddalarini tarqatishga majbur bo‘ladi.

2023 yilning 2 oktyabrida Uchtepa tumani IIO FMB PPX xodimlari tomonidan fuqaro A.N. qo‘lga olindi.

Fuqaro o‘sha kuni tumandagi savdo majmuasi oldida mijozlari bilan uchrashib, “tovar”ni topshirishi va pulini olishi kerak bo‘lgan. U majmuada xizmat vazifalarini bajarayotgan formadagi xodimlarni ko‘rib, sarosimaga tushadi va o‘zini bejo tutib, ketayotgan yo‘lini keskin o‘zgartiradi.

Bu holat xodimlar e’tiborini tortdi. Fuqaro xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning sumkasidan 1 dona elektron tarozi, uch dona poliyetilen paketga solingan quritilib, maydalangan, o‘tkir hidli moddalar aniqlanadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida A.N.ning jinoiy ishi qonunan ko‘rib chiqildi.

U Jinoyat kodeksining 273-moddasining 5-qismi (giyohvand vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan aybli deb topildi va mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llanilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Kiritildi: 17:45 19.04.2025. O'qildi: 961 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!