O‘zbekistonda fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
2025 yilning 10 iyul kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, shaxslarning yashashi uchun uy-joy maydonini beruvchi turarjoy mulkdori yoki uni tasarruf etish huquqiga ega shaxs ushbu shaxslarni yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Joylashtirish vositalarida turgan shaxslarni turgan joyi bo‘yicha xabardor qilish tartibida ro‘yxatdan o‘tkazish mas’ul xodimlar tomonidan “E-mehmon” tizimi orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekistonning xorijda doimiy yashovchi fuqarolari O‘zbekistonga kirgan kundan 10 ish kunidan kechiktirmay yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart.
O‘zbekiston fuqarolarini yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish quyidagilarda amalga oshiriladi:
ichki ishlar organlarining migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida;
davlat xizmatlari markazlarida;
YAIDXP (my.gov.uz) orqali.
Yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya etish talab qilinadi.