Janubiy Koreyada shimoliy koreyalik qochqin Chxve Min-gyon Kim Chen In va boshqa amaldorlarga qarshi da’vo arizasi kiritdi. U Shimoliy Koreya qamoqxonalaridagi og‘ir qiynoqlar, jinsiy zo‘ravonlik va tahqirlovlarga uchragani sababli berganini aytgan. Bu ish Janubiy Koreyada KXDRning inson huquqlarini buzgani uchun ochilgan ilk fuqarolik va jinoiy ish…
The Guardian nashrining yozishicha, 53 yoshli Chxve 50 million von (37 ming dollar) miqdorida kompensasiya talab qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, 1997 yilda Shimoliy Koreyadan qochgan, ammo 2000–2008 yillar oralig‘ida Xitoy tomonidan to‘rt marta qaytarilgan. So‘nggi qaytarilishda u besh oy davomida Xamgyon-Shimoli viloyatidagi uchta qamoqda hibsda bo‘lgan.
Shikoyatda keltirilishicha, u sanitariya qoidalariga rioya qilinmagan holda tekshiruv jarayonida jinsiy zo‘ravonlika uchragan, . Shuningdek, 15 soatdan ziyod davom etgan majburiy stress holatda saqlash kabi qiynoq usullari uning ruhiy holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu sababli ayol haligacha dorilarga bog‘lanib qolgan. 2012 yilda u yana Shimoliy Koreyadan qochishga muvaffaq bo‘lib, Janubiy Koreyadan boshpana topgan.
Chxvening advokati ham qochqin bo‘lgan va Janubiy Koreyada lisenziya olgan ilk shimoliy koreyalik huquqshunos Li Yon-xyon hisoblanadi. Unga Janubiy Koreyaning Inson huquqlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi markazi ham ko‘mak bermoqda. Bu markaz BMT va Xalqaro jinoyat sudiga murojaat qilish uchun ishni asos sifatida ishlatishni rejalashtirmoqda.
Ammo Janubiy Koreya sudlari qonuniy asosda KXDRga qarshi ish ko‘rish huquqiga ega bo‘lsa-da, hukumatlar o‘rtasidagi munosabatlar yo‘qligi sababli kompensasiya undirish amalda imkonsiz hisoblanadi. Shunga qaramay, bu ish tarixiy va ramziy ahamiyatga ega, deydi huquq faollari.
Chxve Min-gyon: «Biz hali guvohlar tirik ekan, kurashishimiz shart. Bu kichik qadam erkinlik va inson qadrini himoya qilish poydevori bo‘lishi kerak», — deydi.