Ijtimoiy tarmoqlarda qiz harakatdagi avtomashina eshigini ochib sakraganligi aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilindi.
Joriy yilning 7 iyul kuni taxminan soat 11.00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik ko‘chasida 2001 yilda tug‘ilgan X.A. “Nexia” rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, oldindan tanishi bo‘lgan 2006 yilda tug‘ilgan B.J. bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida tortishib qolgan. So‘ng fuqaro B.J. harakatlanib ketayotgan avtomashina eshigini ochib, yo‘l qatnov qismiga sakragan. Shu hududda xizmat olib borayotgan tuman IIO FMB xodimlari zudlik bilan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib borishgan. Birlamchi tibbiy ma’lumotga ko‘ra, fuqaroga “peshona va chap chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi hamda teri osti gematomasi” tashxisi qo‘yilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Ayrim ijtimoiy tarmoq faollari ushbu holatda qiz go‘yoki o‘g‘irlab ketilayotganligi haqida xabar tarqatishgan. Mazkur ma’lumot haqiqatdan yiroq bo‘lib, fuqarolardan tasdiqlanmagan va tekshirilmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz,- deyiladi xabarda.