Toshkentda hokim qarori bilan avtomobillarni evakuasiya qilish va ularni jarima maydonchasida saqlash uchun to‘lovning eng yuqori miqdorlari belgilandi.
Hozirda avtomobillarni evakuasiya qilish xizmatlarini turli xususiy kompaniyalar ko‘rsatmoqda. Shu vaqtgacha ushbu xizmatlar uchun tariflar shahar darajasida tartibga solinmagan edi. Iyun oyi boshida poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov jurnalistlarga, jumladan, Gazeta muxbiriga Toshkent uchun 120 ta evakuator xarid qilish va Yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarning avtomobillarini evakuasiya qilish hamda saqlashning yangi yaxlit tizimini joriy etish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.
Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qilishicha, mazkur qaror «yo‘laklar va piyodalar hududlari odamlar uchun erkin bo‘lishi lozim bo‘lgan qulay, xavfsiz va tartibli shahar muhitini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan izchil ishlarning bir qismidir».
Hujjatga ko‘ra, maxsus transport vositasida avtomobilni evakuasiya qilish va tashishning har bir kilometri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi, avtomobilni saqlash uchun esa har bir sutkaga BHMning 20 foizi miqdorida haq undiriladi.
Bunda avtomobilni jarima maydonchasiga evakuasiya qilishning umumiy qiymati BHMning 4 baravaridan oshmasligi kerak.
«Yagona cheklangan tariflarning joriy etilishi tizimni yanada tushunarli va shaffof qilishga, fuqarolarni asossiz hisob-kitoblardan himoyalashga va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘ymaslikka imkon beradi», — deyildi YHTEM xabarida.
«Avtomobillar piyodalar yo‘laklarini, o‘tish joylarini va boshqa jamoat joylarini to‘sib qo‘ymasligi lozim. Qulay shahar harakatning barcha ishtirokchilariga o‘zaro hurmatdan boshlanadi. Yo‘laklar — piyodalarga, yo‘llar — transportga, qoidalar esa barcha uchun yagona va tushunarli bo‘lishi shart», — deya qo‘shimcha qilishdi markazda.