Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Avstriya, Tunis, Liviya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Singapur va Bruneydagi elchilarini ishdan oldi. Bu haqda prezident farmonlariga tayanib “Ukrainskaya Pravda” xabar berdi.
Farmonlarga ko‘ra, Vasiliy Ximines Ukrainaning Avstriyadagi elchisi, Vladimir Xomans esa Tunis va bir vaqtning o‘zida Liviyadagi elchisi lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, Tojikistondagi (Valeriy Yevdokimov), Qirg‘izistondagi (Valeriy Jovtenko), Singapur va Bruneydagi (Ekaterina Zelenko) elchilar ham ishdan olingan.
Diplomatik korpusdagi ushbu o‘zgarishlar doirasida YUNESKO bo‘yicha vakillik ham almashgan. Zelenskiy bir vaqtning o‘zida Fransiyadagi elchi bo‘lib ishlayotgan Vadim Omelchenkoni Ukrainaning YUNESKOdagi doimiy vakili lavozimidan ozod qilgan. Uning o‘rnini esa Ukraina Tashqi ishlar vazirligining Ommaviy diplomatiya va strategik kommunikasiyalar departamentini boshqargan Viktoriya Lyalina-Boyko egallagan.
E’lon qilingan farmonlarda diplomatik xodimlarning ishdan olinish sabablariga aniqlik kiritilmagan.