Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda imtiyozli transport xizmatlaridan foydalanish tartibini soddalashtirish va to‘liq raqamlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Taklifga ko‘ra, 11 toifadagi fuqarolarga havo, temir yo‘l va shaharlararo transportda bepul yurish yoki 50 foizlik chegirma beriladi. Bunda amaldagi qog‘oz talonlardan voz kechilib, chipta xarid qilish uchun ID karta yoki biometrik pasportni taqdim etishning o‘zi kifoya qiladi.
Qayd etilishicha, fuqarolarning imtiyozga egaligi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali avtomatik tekshiriladi. Bu esa qog‘oz hujjatlar aylanishini kamaytirish va imtiyozlardan foydalanish jarayonini soddalashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab imtiyozli avia, temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalarini “Baraka” ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali onlayn xarid qilish imkoniyatini yaratish taklif etildi.
Hozirda 1941–1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan 48,4 mingdan ortiq fuqaro transport imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega. 2025 yil davomida ular mazkur xizmatlardan 1,7 million marta foydalangan.
Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, yangi xizmatlarni hududlarda sifatli yo‘lga qo‘yish hamda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.