Gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan hududlarda yashovchi aholi uchun elektr energiyasi tariflarini differensiallashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda qariyb 2 mingta mahallaga tabiiy gaz yetib bormagan. Mazkur hududlarda yashovchi fuqarolar uylarini elektr energiyasi bilan isitayotgan bo‘lsa-da, buning uchun amaldagi tariflar bo‘yicha haq to‘lamoqda.
Vazir prezident haqiqiy vaziyatdan kelib chiqib, elekt energiyasi uchun tarif siyosatini o‘zgartirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi. Bunda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, ko‘p qavatli yoki yakka tartibdagi uy-joy turi hamda energoresurslar bilan ta’minlanganlik darajasidan kelib chiqib, individual tariflash tizimi ishlab chiqiladi.
“Tabiiy gaz yetib bormagandan keyin, isitish uchun elektr energiyasidan foydalanayotgan ekan, iste’molchining chegirma olishga haqqi bor”, — dedi Sherzod Xodjayev.
Gaz yetib bormagan uylar uchun elektr tarifiga yengillik berish rejasi bir necha yildan buyon aytib kelinmoqda. Sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2024 yilning kuzida xonadonini elektr energiyasi yordamida isituvchi iste’molchilarga chegirma berishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilib, uni 2025 yildan joriy etishga va’da bergan edi.