Bugun 5 avgust, 2026 yil, chorshanba

КИР

Evropada o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashda qo‘y va echkilardan foydalanilmoqda

Evropada o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashda qo‘y va echkilardan foydalanilmoqda

Evropa davlatlari o‘rmonlarda yong‘in xavfini kamaytirish maqsadida qo‘y va echkilarni boshqariladigan tarzda o‘tlatish amaliyotini qayta joriy etmoqda. BMT va Yevropa Ittifoqi ekspertlari ushbu yondashuvni o‘rmon yong‘inlarining oldini olish bo‘yicha eng samarali va ekologik toza usullardan biri deb baholamoqda.

Qo‘y va echkilar qurigan o‘tlar, butalar hamda daraxtlarning pastki shoxlarini yeydi. Bu esa yong‘inning tez tarqalishiga xizmat qiladigan yonuvchan o‘simliklar hajmini kamaytiradi va o‘rmonlarda alanga tarqalishini sekinlashtiruvchi tabiiy yong‘inga qarshi yo‘laklarni hosil qiladi.

Politico nashrining yozishicha, iqlim o‘zgarishi, o‘rmon yong‘inlari sonining ko‘payishi va ularning tez tarqalishi an’anaviy chorvachilikka bo‘lgan qiziqishni yanada oshirgan. Keyingi yillarda qishloq aholisi sonining kamayishi va chorvachilikning qisqarishi, ayniqsa O‘rta yer dengizi bo‘yidagi mamlakatlarda, o‘rmonlarda qurigan o‘simliklar to‘planishiga sabab bo‘ldi. Bu esa yong‘inlarning tez tarqalishi uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Muammoni hal qilish maqsadida Ispaniya, Fransiya va Portugaliya boshchiligidagi bir qator Yevropa davlatlari cho‘ponlarga moliyaviy ko‘mak bermoqda. Ular yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda echki, qo‘y va mahalliy qoramol zotlarini o‘tlatishga rag‘batlantirilmoqda. Bu usul og‘ir texnikalar yordamida hududlarni tozalashga nisbatan arzonroq va atrof-muhit uchun xavfsizroq deb hisoblanmoqda.

Shu bilan birga, mutaxassislar yong‘in xavfini samarali kamaytirish uchun faqat chorva mollarini o‘tlatishning o‘zi yetarli emasligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, bu usul nazorat ostidagi yondirish ishlari, mexanik tozalash va yer resurslarini oqilona boshqarish choralari bilan birgalikda qo‘llanilishi lozim.

Bu yozda Yevropa so‘nggi yillardagi eng yirik o‘rmon yong‘inlariga duch keldi. Fransiya va Ispaniyada yuz minglab odamlar xavfsiz hududlarga evakuasiya qilindi. Yevropa Ittifoqining Fuqarolik muhofazasi mexanizmi doirasida Turkiya boshchiligidagi bir qator davlatlar yong‘inlarga qarshi kurashish uchun zarar ko‘rgan hududlarga yong‘in o‘chiruvchi samolyotlar va qutqaruvchilar guruhlarini yubordi.

Kiritildi: 21:51 04.08.2026. O'qildi: 1614 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!