Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Al Saud AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda Vashingtonning Eronga qarshi yangi zarbalar berish rejalaridan xavotir bildirdi.
Bu haqda Axios nashri manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Nashrning xabar berishicha, valiahd shahzoda Amerika yetakchisini vaziyatni yumshatishga va keyingi zarbalardan tiyilishga chaqirgan. Bir manbaning aytishicha, saudiyaliklar AQShning harakatlar rejasi bo‘yicha aniqlik kiritishni so‘rashgan.
Axios shuningdek, shanba kuni Qatar vositachilari Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi, AQShning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Ummon vakillari bilan alohida maslahatlashuvlar o‘tkazganini xabar qilmoqda.
Portalning xabar berishicha, Qatar Hormuz bo‘g‘ozida normal yuk tashishni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, muzokaralar davomida ba’zi yutuqlarga erishilgan, ammo tafsilotlar oshkor qilinmagan.