▶️ Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yuqori Chirchiq tumani hududida harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
💊Natijada, unda internet tarmog‘idagi narkodo‘konga xizmat qiluvchi, 1993, 1994 va 1995 yillarda tug‘ilgan, poytaxtlik 3 nafar fuqaro ketayotganligi aniqlanib, ulardan 37 dona “Tropikamid” hamda tarkibida pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi modda saqlagan 124 dona kapsula ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, internet narkodo‘konning “zakladchik”lari bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan 2 nafar shaxs ham ushlandi va ular tomonidan “zakladka” tarzida qo‘yilgan poytaxtning turli hududlaridagi xufiya joylardan jami 1186 dona “Pregabalin” va 125 dona “Tropikamid” olindi.
Aniqlanishicha, ular kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Sergeli tumanida faoliyat yuritayotgan narkolaboratoriyadan olgan bo‘lib, davom ettirilgan tezkor tadbirda ushbu manzil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
💊 Natijada, unda 1987, 1993, 1995 va 2000 yillarda tug‘ilgan 4 nafar shaxs kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlayotganliklari ma’lum bo‘ldi. Mazkur xonadondan 5130 dona “Pregabalin” kapsulalari va 10 kg “Pregabalin” moddasi, 75 dona flakonda “Tropikamid” va 6 kg “Tropikamid” moddasi, shuningdek, jami 60 ming dona bo‘sh kapsula va flakonlar, laboratoriya jihozlari prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
⚖️ Hozirda ushbu og‘ufurushlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251¹-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
☄️ Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona idoralari hamkorligida poytaxt hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, 1987 y.t. shaxsning Shayxontohur tumanidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi.
💊 Natijada, uning uyidan va avtomashinasidan 16 227 dona “Pregabalin”, 7 947 dona “Regapen”, 35 dona “Lirika” va 14 dona “Perge” – jami 24 223 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur shaxs muqaddam kontrabandachilar tomonidan Qirg‘iz Respublikasidan Farg‘ona viloyati hududiga o‘tkazilgan ushbu dori vositalarini 34 ming AQSh dollari evaziga sotib olib, kelgusida Toshkent shahrida qayta sotish orqali mo‘may daromad topishni maqsad qilgan.
⚖️ Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, uning Farg‘ona viloyatidagi jinoiy sheriklarini shaxsiga aniqlik kiritish va qo‘lga olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.