"Bose", "Panasonic", "Samsung" va "Sennheiser" kabi mashhur brendlar tomonidan ishlab chiqarilgan quloqchinlarda inson salomatligi uchun xavfli kimyoviy moddalar aniqlandi. Bu haqda xorijiy OAV xabar bermoqda.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ushbu moddalar orasida saraton, neyrorivojlanish muammolari va gormonal buzilishlarni keltirib chiqaradigan bisfenollar, ftalatlar, bromli va organofosfat alangani sekinlashtiruvchi vositalar, shuningdek, xlorli parafinlar mavjud. Qayd etilishicha, gormonal buzilish keltirib chiqaruvchi kimyoviy moddalar erkaklarda ayollar gormonlari miqdorini oshiradi.
Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Sloveniya va Avstriyada o‘tkazilgan laboratoriya tahlillariga ko‘ra, tekshirilgan har 81 ta quloqchinning 98 foizida BPA (bisfenol A) va uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ida BPS aniqlangan. Ekspertlarning ta’kidlashicha, quloqchinlarning teri bilan uzoq vaqt davomida aloqada bo‘lishi ushbu kimyoviy moddalarning organizmga so‘rilishini tezlashtirishi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, kundalik foydalanishda, ayniqsa sport bilan shug‘ullanish paytida ter ajralishi va issiqlik bu moddalarning teriga o‘tishini kuchaytiradi. Quloqchinlar kundalik va uzoq muddat ishlatiladigan qurilmalar bo‘lgani uchun ular foydalanuvchilar salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Tadqiqot natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, "Bose", "Panasonic", "Samsung" va "Sennheiser" kompaniyalari mavzu bo‘yicha berilgan so‘rovlarga javob qaytarmagan.