Bugun 19 fevral, 2026 yil, payshanba

КИР

“Qizilqum”ning poraxo‘r murabbiyiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

“Qizilqum”ning poraxo‘r murabbiyiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Mamlakatimizda taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatning barcha jabhalarini uning har qanday ko‘rinishidan holi qilish borasida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Eng muhimi fuqarolarda ushbu illatga nisbatan murosasizlik kayfiyati shakllandi. Buning natijasida esa ko‘plab sohalar qatori, millionlar o‘yini hisoblangan futbol ham jadal rivojlanayotgani barchamizga ma’lum.

Tarixda ilk marotaba O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining Parij olimpiadasida ishtirok etgani yoki Milliy terma jamoamizning jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgani fikrimiz dalilidir.

Ammo, sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim mas’ullarni sodir etayotgan nojo‘ya qilimlari tizimning istiqboliga soya solishi mumkin.

Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi «Qizilqum» professional futbol klubining «U-19» jamoasi bosh murabbiyi garchi, o‘yinchilar jamoaga belgilangan sinovlarda saralanib, klub komissiyasining qarori va rahbarning tegishli buyrug‘i asosida qabul qilinishini bilsa-da, o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda Nurota tumanida yashovchi, 2008 y.t. o‘smirning ishonchiga kirdi. Aniqrog‘i, uni jamoaning asosiy tarkibiga o‘yinchi sifatida qabul qilish evaziga 20 mln so‘m talab qildi.

Ammo, bosh murabbiy so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan futbolda halollik va shaffoflikni ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olingan.

Agarda ushbu tamoyillarga amal qilinmasa – bu yosh avlodning futbolga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Futbolda barcha ishtirokchilar adolatli, shaffof va yuqori professional standartlarga rioya qilishi majburiy hisoblanadi.

Bu borada O‘zbekiston futbol assosiasiyasi jamoalar, futbolchilar va mutaxassislarni qat’iy ogohlantiradi hamda tizimni korrupsiyadan holi bo‘lishi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘radi.

Kiritildi: 23:52 18.02.2026. O'qildi: 281 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!