Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida 2026 yil 1 iyundan boshlab ko‘mir, mazut va atmosferaga zararli yoqilg‘ilardan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 10 apreldan kuchga kirgan qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan boshlab mavjud issiqxonalar faoliyatining iqtisodiy samaradorligini qayta ko‘rib chiqish va ularni xalqaro hamda ekologik talablarga moslashtirish maqsadida quyidagi cheklov va oshirilgan tariflar joriy etiladi:
2026 yil 1 avgustdan boshlab issiqxonalarda yoqilg‘i sifatida ko‘mir, shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi hamda shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan materiallarni yoqish natijasida atrof tabiiy muhit ifloslantirgani va chiqindilar joylashtirgani uchun kompensasiya to‘lovlari 20 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi va mazkur tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan ekologik ekspertiza xulosasi qayta ko‘rib chiqiladi.
Quyidagi yo‘nalishlarda davlat tomonidan taqdim etiladigan imtiyoz, xizmat va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralaridan issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish uchun foydalanishga cheklovlar o‘rnatiladi:
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ilmiy maqsadlar uchun (seleksiya navlari sinovi, urug‘ va ko‘chatlarni ko‘paytirish, xorijiy nav va duragaylarni mahalliy iqlimga moslashtirish), istisno tariqasida, ekologik talablarga rioya etgan holda mavjud issiqxonalardan foydalanishga ruxsat etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2026 yil 1 sentyabrga qadar Soliq kodeksiga Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi issiqxonalar egallab turgan yer maydonlari uchun er solig‘i va ko‘chmas mulk uchun mol-mul solig‘i stavkalarini amaldagi bazaviy stavkalarga nisbatan 10 baravar (yoki yuqori oshirilgan koeffisiyentlarda) miqdorda qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritadi.
Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatida joylashgan, atrof-muhit va insonlar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan issiqxona xo‘jaliklari Sheroboddagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiriladi.