Bugun 24 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Toshkent metropolitenida yo‘lovchi tashish bo‘yicha yangi rekord qayd etildi

Toshkent metropolitenida yo‘lovchi tashish bo‘yicha yangi rekord qayd etildi

14 sentyabr kuni Toshkent metropoliteni xizmatlaridan 1 million 165 ming 550 nafar yo‘lovchi foydalandi. Bu metropolitenda yo‘lovchi tashish bo‘yicha yangi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Qayd etilishicha, yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan poytaxtda jamoat transporti, xususan, metro xizmatlariga talab sezilarli darajada oshgan.

Bunga qadar Toshkent metropolitenidagi eng yuqori kunlik ko‘rsatkich 2026 yil 8 may kuni qayd etilgan. O‘shanda metro xizmatlaridan 1 million 117 ming 61 nafar yo‘lovchi foydalangan.

Shu tariqa, 14 sentyabrdagi ko‘rsatkich avvalgi rekorddan 48 ming 489 nafarga ko‘p bo‘ldi.

Mutaxassislar kuzatuv va tahlillariga ko‘ra, yo‘lovchilar oqimining o‘sish tendensiyasi kelgusida ham saqlanishi kutilmoqda. Xususan, oktyabr oyida metroning kunlik yo‘lovchilari soni 1,2 million nafarga yetishi prognoz qilinmoqda.

Shu munosabat bilan «Toshkent metropoliteni» AJ 1 million 200 minginchi yo‘lovchini aniqlash hamda unga maxsus imtiyoz yoki sovg‘a taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Yo‘lovchilar oqimining ortib borayotgani sharoitida metropolitenda harakat tarkibini bosqichma-bosqich yangilash ishlari ham davom ettirilmoqda.

Avval xabar berilganidek, 2026 yil davomida xarid qilinib, Toshkent metropoliteniga olib kelinishi rejalashtirilgan 14 ta zamonaviy harakat tarkibining barchasi ayni vaqtda vagonlar parkiga yetkazib berilgan.

«Toshkent metropoliteni» AJ ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar oqimi doimiy monitoring qilib borilmoqda. Poyezdlar harakati yo‘lovchilar oqimining real holatidan kelib chiqib tezkor ravishda muvofiqlashtirilmoqda. Bu yo‘lovchilarga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish hamda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Kiritildi: 18:31 15.09.2026. O'qildi: 1029 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!