Qirg‘iziston prezidenti uning qabuliga kira olmagan fuqaroning shikoyatiga munosabat bildirdi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov kunlik ish grafigi haqida ma’lumot berib, 4 soat uxlashi va 20 soat ishlashini aytdi. U bu haqda Jalolobod viloyati aholisi bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uchrashuv ishtirokchilaridan biri Sadir Japarovning shaxsiy qabuliga bir necha bor kirishga uringani, biroq prezident bilan uchrasha olmaganini aytgan. Bunga javoban Qirg‘iziston rahbari barcha fuqarolarni shaxsan qabul qilish imkoniyati yo‘qligini tushuntirdi.
“Mening qabulimga kira olmaganingizni aytishning hojati yo‘q. Sizlar 7,5 millionsiz, men esa bitta prezidentman. Oldimga kelgan hammani qabul qilolmayman-ku. Mening ish jadvalim bor. Shundoq ham 24 soatning atigi 4 soatida uxlayman, qolgan 20 soatini ishda o‘tkazaman”, dedi u.
Sadir Japarov bunday jadval bilan ham barcha masalalarni hal etishga vaqti yetmasligini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, huquq-tartibot idoralari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilgan fuqaroning murojaatini ko‘rib chiqishni topshirdi. Qirg‘iziston prezidenti bilan uchrashuvda fuqarolar yer nizolari, yo‘l qurilishi, ijtimoiy infratuzilma va davlat organlari ishiga oid masalalarni ko‘tardi.