Madridning «Real» va Londonning «Arsenal» klublari sobiq yarim himoyachisi Mesut O‘zil Rossiya klublari hamda terma jamoalarining xalqaro musobaqalardan chetlatilgani yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
Germaniyalik sobiq futbolchi FIFAni Rossiya va Isroilga nisbatan turlicha yondashuv qo‘llayotganlikda ayblab, xalqaro futbol tashkilotini barcha mamlakatlarga bir xil munosabatda bo‘lishga chaqirdi.
«Sport hamjamiyati doimo odamlarni birlashtirib kelgan. Biroq bu masalada FIFA Rossiyaga nisbatan taqiq joriy etdi, Isroilga esa bunday chora qo‘llamadi.
Men FIFAga murojaat qilmoqchiman: ikki xil standartlarga chek qo‘yish vaqti keldi. Barchaga bir xil munosabatda bo‘lish kerak», — dedi O‘zil.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya klublari va terma jamoalari 2022 yil fevral oyidan buyon FIFA hamda UYEFAning qo‘shma qaroriga asosan xalqaro musobaqalarda ishtirok etishdan chetlatilgan.