Bugun 30 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishida avariya yuz berdi, ishchilar jabrlangani aytilmoqda

Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishida avariya yuz berdi, ishchilar jabrlangani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilish hududida favqulodda holat ro‘y bergani va pastga suv oqib tushayotgani aks etgan video tarqaldi. Manbalar hodisa oqibatida kamida besh kishi jarohatlanganini xabar qilgan.

Tojikiston hukumati bir hafta oldin ro‘y bergan avariya yuzasidan ma’lumot berdi. Tojikiston Sanoat va konchilik sohasida ishlarning xavfsiz olib borilishini nazorat qilish davlat xizmati “Aziya-Plyus” nashriga bergan ma’lumotda aytilishicha, hodisa 21 oktyabr kuni taxminan soat 16:15 da GESning “B” seksiyasida, to‘rtinchi yarusdagi qurilish tunnelida olib borilayotgan sementlash ishlari paytida sodir bo‘lgan. Rezervuar yorilishi oqibatida texnik suv tunneldagi ishchilar ustiga oqib tushgan.

Rasmiy ma’lumotlarda hodisa oqibatida ishchilardan hech birida jismoniy jarohatlar bo‘lmagani, ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgani va ishga qaytishgani qayd etilgan.

“Ozodlik radiosi” esa o‘z manbasiga tayanib, hodisa oqibatida gidroelektrstansiyaning kamida besh nafar ishchisi tan jarohati olganini xabar qilgan.

Rog‘un GES qurilishidagi xavfsizlik masalasi oldingi yillarda ham ko‘tarilgan. Jumladan, 2024 yil noyabr oyida qurilish maydonida yuz bergan avariya oqibatida uch nafar ishchi halok bo‘lib, yana bir kishi jarohatlangandi. 2025 yilda ham xavfsizlik masalasidagi muhokamalar davom etgan. Loyihada ishtirok etayotgan Eron kompaniyasi xodimlaridan biri sifatsiz materiallar ishlatilayotganini taxmin qilgan.

Tojikiston Davlat nazorati xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili Rog‘un GESda 8 ta baxtsiz hodisa ro‘yxatga olingan. Shu bilan birga, ushbu hodisalarda halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soniga aniqlik kiritilmagan.

“Aziya-Plyus” nashri ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning olti oyida Tojikistonning sanoat va tog‘-kon korxonalarida 32 ta baxtsiz hodisa yuz bergan. Natijada 23 kishi halok bo‘lib, yana 19 kishi jarohat olgan. Halok bo‘lganlar orasida Rog‘un GES qurilishida ishlagan ikki nafar xitoylik va bir nafar eronlik ham bor.

Kiritildi: 23:52 29.10.2026. O'qildi: 612 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!